21 iyu 09:00
Yangiliklar
Ko'rmaganning ko'rgani qursin: Mashhurlikni ko'tara olmagan tennischi - Bernard Tomich
Boshladik. Bernard Tomich 1992 yilning 21 oktyabrida Germaniyaning SHtutgart shahrida dunyoga keladi. Xorvat millatiga mansub bo'lgan Bernard Avstraliya sharafini ximoya qiladi. Otasi Jon Tomich Bernardni 7 yoshida tennis mashg'ulotlariga olib keladi. O'smirlik davridayoq Bernard juda yaxshi natijalarni qo'lga kiritadi.
2008 yil o'smirlar o'rtasidagi Avstraliya ochiq chempionatida g'oliblikni qo'lga kiritadi. O'sha yili yana bir katta dubulg'a musobaqasi - "Uimbldon"da vice-chempionga aylanadi. 2009 yil AQSH ochiq chempionatida zafar quchadi va o'smirlar reytingida ikkinchi o'ringacha ko'tariladi. Uni o'sha paytlardayoq Rafael Nadalga qiyoslashardi.
Qahramonimiz professional tennisga 2008 yil kirib keladi. 15 yoshidayoq kattalar o'rtasidagi "Fyuchers" musobaqasi finalida o'ynaydi. 16 yoshida "Katta dubulg'a" turkumiga kiruvchi Avstraliya ochiq chempionatining asosiy to'r bahslarida debyut qiladi. Bir oy o'tib, Avstraliyaning Melburn shahrida bo'lib o'tgan "CHellenjer"da bosh sovringa ega chiqadi.
2010 yili fevral oyida 17 yoshli Bernard yana bir bor Avstraliyada, bu safar Berni shahrida bo'lib o'tgan "CHellenjer" musobaqasida zafar quchadi. O'sha yili "Uimbldon"da saralashdan o'tib kelgan Tomich kutilmaganda chorak finalga qadar etib boradi. CHorak finalda to'rt setda kimsan Novak Jokovichga mag'lub bo'ladi. Musobaqa tugagach, 18 yoshli bolakay ATP reytingida 158-o'rindan 71-pog'onaga ko'tariladi. Bir qator turnirlarda barqaror qatnashgan qahramonimiz yilni 42-o'rinda yakunladi.
ATP dagi ilk sovrinini 2013 yil boshida Sidneydagi musobaqada qo'lga kiritadi. Bu yo'lda u TOP50 tennischilarining besh nafarini mag'lub etadi. Hal qiluvchi o'yinda Janubiy Afrika Respublikasi vakili Kevin Andersonni 6/3, 6/7, 6/3 hisobida taslim etadi. "Uimbldon"da uchinchi davrada Tomash Berdixga yutqazadi. Keyin esa yil oxirigacha birorta turnirda qatorasiga ikki marta g'alaba qozona olmaydi.
2014 yil boshida Sidneydagi turnirda finalga qadar etib boradi. Hal qiluvchi bahsda argentinalik Xuan Martin Del Potroga 3/6, 1/6 hisobida yutqazib qo'yadi. Iyul oyida Bogotada o'tkazilgan ATP musobaqasi chempioniga aylanadi. O'sha turnirda u Ivo Karlovich ustidan zafar quchgandi. AQSH ochiq chempionatida jaroxati sabab ikkinchi davrada kortga chiqmaydi. Oktyabr oyida Stokgolmda yarim finalgacha etib boradi.
2015 yili u faoliyatidagi eng barqaror mavsumni o'tkazadi. Bernard yil boshida Sidney va Brisbendagi turnirlarda chorak finalgacha etib boradi. Avstraliya ochiq chempionatida o'zining eng zo'r natijasini takrorlaydi - to'rtinchi bosqich! Fevral oyida Memfis va Akapulko musobaqalarida chorak finalda o'ynaydi. Mart oyida Indian-Uells "Mastersi"da reytingda o'sha paytda sakkizinchi bo'lgan Favid Ferrerni engib, chorak finalga yo'l oladi. CHorak finalda belidan olgan jarohati sabab kortga chiqmaydi. "Rollan Garros"da ikkinchi bosqichda hamyurti Tanasi Kokkinakisga besh setli o'yinda imkoniyatni boy beradi. Maysali mavsumni SHtutgartda boshlaydi va chorak finalgacha etib boradi. "Uimbldon"da uchinchi bosqichda reyting peshqadami Novak Jokovichga mag'lub bo'ladi. Iyul oyida Bogotada bir yil oldingi chempionligini himoya qiladi. Hal qiluvchi uchrashuvda franciyalik Adrian Mannarinoni 6/1, 3/6, 6/2 hisobida engadi. Avgust oyida Monrealdagi "Masters"ning ikkinchi davrasida reytingda sakkizinchi bo'lgan Marin CHilichni mag'lub etadi. AQSH ochiq chempionatida uchinchi bosqichgacha etib boradi. Kuzda SHanxaydagi "Masters"ning chorak finaliga qadar etib borgan Bernard mavsumni 18-o'rinda yakunlaydi.
2016 yil Bernard sovrin yuta olmaydi. Lekin, yil boshida o'zi uchun hozirgi kungacha eng yuqori bo'lgan 17 o'ringacha ko'tariladi. Bir necha turnirlarda chorak va yarim finallarda o'ynaydi. Akapulkodagi musobaqaning xal qiluvchi uchrashuvida avstriyalik Dominik Timga 6/7(6), 6/4, 3/6 hisobida yutqazib qo'yadi. Mavsumni 26-o'rinda yakunlaydi. Bu orada Bernard musobaqalardagi ishtirokini o'zida 5 million dollardan oshiqroq pul ishlab topgandi. Undan tashqari homiylar, reklamalar, mashhur sport kiyimlarini ishlab chiqaruvchi "Head" kompaniyasi bilan shartnoma va hokazo... Hullas moddiy tomonlama hech qanday qiyinchilik yo'q edi. Oldindagi asosiy maqsad - TOP10ga kirish edi.
2017 yil boshida Sidneydagi turnirning ilk davrasida mag'lub bo'lgan Tomich, uchrashuvdan so'ng bergan intervyusida shunday deydi:
"Men unchalik boy bo'lmagan oiladanman. Tennis men uchun birinchi navbatda yaxshigina pul topish manbai. Qachonki etarlicha pul ishlab topsam faoliyatimni tugataman". Bu intervyu ko'pchilikni lol qoldiradi. Bu voqeadan so'ng Tomich bir necha turnirlarda ilk davradayoq mag'lubiyatga uchraydi. Fevral oyining ikkinchi yarmida Delrey-Bichdagi musobaqada ilk davrada Stiv Darsisga 6/3, 1/6, 4/6 hisobida mag'lubiyatga uchragan qahramonimiz o'yinning ikkinchi yarmini qo'pol qilib aytganda kortda piyoda yurib o'tkazadi va yana ko'pchilikni hayratiga sabab bo'ladi. Mart oyi oxirida Avstraliya terma jamoasi kapitani Leyton Xyuitt Tomichni AQSH terma jamoasiga qarshi bo'lib o'tadigan "Devis kubogi" chorak final bahsiga chaqirmaydi. "Balkim kelajakda Bernardni terma jamoaga chaqirarman, lekin uning xozirgi psixologik holati bu uchrashuvga tayyor emas", -degandi Xyuitt "The Age" nashriga bergan intervyusida.
Iyun oyida Istburndagi turnir chorak finalidan so'ng qahramonimiz shunday deydi: "qattiq charchoq alomatlarini sezyapman. O'zimni huddi 30 yoshga kirganday his qilyapman".
Bir oy o'tib Bernard o'zining sevimli turniri bo'lgan "Uimbldon"ning dastlabki davrasida germaniyalik Misha Zverevga atigi 1 soatu 24 daqiqada 6/4, 6/3, 6/4 xisobida mag'lubiyatga uchraydi. Bu paytga kelib, Tomich reytingda 59-pog'onagacha tushib ketgandi. Uchrashuvdan so'ng jurnalistlarning bergan savollariga javoban, natijalarga tupurganini va niyati faqat ko'proq pul ishlash ekanini aytadi. Bu so'zlarga javoban, "Uimbldon" tashkilotchilari unga 15 ming AQSH dollari miqdorida jarima solishadi. "Head" kompaniyasi reklama kontraktini bekor qiladi. Go'yoki hamma Bernard Tomichdan uzoqqa qochayotgandek edi.
Ishlab topgan pullaridan "tomi ketib" borayotgan Tomich iyul oyining ikkinchi yarmida "Herald Sun" nashriga bergan intervyusida yana bir ajabtovur so'zlarni aytib o'tadi: "Bilaman meni ko'pchilik yoqtirmaydi. Lekin uncha-buncha odam mening 24 yoshimdagidek buncha ko'p pul ishlab topa olmaydi. Siz mashina yoki uy sotib olishni orzu qilib turing, men boramanu, xohlaganimni sotib olaman.
AQSH ochiq chempionatining ilk bosqichida Jil Myullerga yutqazganidan so'ng, Avstraliyaga jo'nab ketadi. "Herald Sun" xabariga ko'ra, Melburnda 25 kishi uchun qiymati 50 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi ziyofat uyushtiradi. Bu ziyofat ichiga vertolyotda sayohat, kechki ovqat, alkogol, sigaralar va qo'riqchilarga to'langan pullar kiradi. "Xa, men 50 ming dollarlik ziyofat uyushtirdim, dam olishga xaqqim bor. Bu pullar men uchun arzimagan hisoblanadi. Bu paytga kelib, Berni TOP100ni tark etgandi.
Oktyabr oyida Tokioda to'rt oy ichidagi dastlabki g'alabasiga erishadi. Noyabrda esa reytingdagi o'rnini ancha yo'qotgan Tomich to'rt yil ichida ilk bor "CHellenjer" musobaqasida ishtirok etishga majbur bo'ladi. SHu oyning o'zida Bernini kokain sotganlikda gumon qilingan do'sti Onur bilan birga ko'rishadi. Nahotki yosh tennis yulduzi, sobiq TOP20 o'yinchisi o'zi ishlab topgan pullar qurboniga aylansa?! Mavsumni Tomich 140-o'rinda yakunlaydi.
2018 yilgi mavsumni Avstraliya ochiq chempionati saralashida boshlagan Bernard Tomich saralashning hal qiluvchi o'yinida mag'lubiyatga uchraydi. Jurnalistning "Endi nima bilan shug'ullanasiz?" degan savoliga -"Borib pullarimni sanayman. Anig'ini bilmaymanu, 13-14 million bo'lishi kerak. Sizga ham shuncha pul ishlab topishingizni tilab qolaman" deb javob beradi.
SHundan so'ng Tomich Avstraliyada "I'm a Celebrity...get me out of here" (men mashhurman...meni bu erdan olib chiqinglar) deb nomlangan realiti-shouda ishtirok etish uchun mashg'ulotlarini ham to'xtatib qo'yadi. Suratga olish jarayoni olti hafta davomida Avstraliyadagi changalzor (jungli o'rmonlari) da o'tishi kerak edi. Norasmiy xabarlarga ko'ra, Tomichga ushbu ishtirok uchun 600 ming dollar pul mukofoti vada qilishgan edi. Ammo, suratga olish ishlarining ilk kunlarida Tomichni ilon chaqib oladi va u shouni tark etishga qaror qiladi. "Menda avvaldan bu shou menga kerami yoki yo'q degan ikkilanish bor edi. Oxirgi yil men uchun juda qiyin kechdi. Endi bor etiborimni tennisga qarataman. Qolgan narsalardan ko'ra tennis o'ynash meni qo'limdan yaxshiroq keladi" - deydi Tomich.
Avstraliya terma jamoasi kapitani Leyton Xyuitt "Berni o'ziga o'ra qazimoqda, oxir oqibat bu o'radan chiqolmasligi ham mumkin"ligini aytadi. Bunga javoban Tomich uning gaplariga tupurganligini va bir tiyinga olmasligini takidlaydi.
Mart oyida 181-o'rinda borayotgan Tomich Franciyaning Lill shahrida bo'lib o'tgan "CHellenjer" turnirida ishtirok etib, dastlabki davrada ATPning 251-raketkasi? mezbon tennischi Antuan Xuanga 2/6, 6/2, 4/6 hisobida yutqazadi. SHundan so'ng, Tomich kuchli 200likni ham tark etdi. Oradan ikki oy o'tib, may oyida reytingda 243-o'ringa tushib ketgan Berni Franciyaning Eks-an-Provans shahrida bo'lib o'tgan "CHellenjer" finalida o'ynaydi va hamyurti, reytingda 70-o'rinda borayotgan Jon Millanga 48 daqiqa ichida 2/6, 1/6 hisobida yutqazib qo'yadi. "Rollan Garros" saralashida barcha raqiblarini mag'lub etgan Tomich asosiy to'rning ilk davrasida argentinalik Marko Trungellitiga to'rt setda imkoniyatni boy beradi. Ushbu natijalar evaziga Tomich "TOP200 ga qaytdi.
O'tgan haftada esa Tomich Gollandiyaning Xertogenbosh shahrida o'zi uchun sevimli bo'lgan maysali qoplamada o'tkazilgan ATP250 turnirida saralashdan chiqib, yarim finalga qadar etib bordi va dushanba kungi reytingda 146-o'ringa ko'tarildi. Bu Tomichning oxirgi to'rt yil ichida ilk bor ATP turniri yarim finaliga chiqishi edi.
Biz o'z navbatida o'zining 25 yoshida shuncha sarguzashtni boshidan o'tkazgan Bernard Tomichni tezroq avvalgi o'rniga qaytishini tilab qolamiz.
Husniddin Mirzaliev tayyorladi
Fikrlar