29 mar 06:37
Yangiliklar
Mayami WTA 1000 turniri bosh sovrini ham "limon" kimga nasib etdi?
Musobaqa bosh sovrini belaruslik Arina Sobolenkoga nasib etdi. Dunyoning birinchi raketkasi hal qiluvchi final uchrashuvida WTA reytingida to'rtinchi o'rinni egallab turgan amerikalik Koko Goffga qarshi kortga chiqdi. Ikki soatu 11 daqiqa davom etgan bahsda Arina uch set natijasiga ko'ra g'alaba qozondi - 6/2, 4/6, 6/3.
Qizig'i, tennischilarning o'zaro o'n birinchi uchrashuvidan keyin Sobolenko hisobda oldinga chiqib oldi - 6:5. Arina bahs davomida 3, Koko 5 ta eys zarbasini amalga oshirgan. Qo'shxatolar bo'yicha amerikalik mutlaq "ustunlik" qildi - 7 ga 0. Breyklar bo'yicha Arina 4 ga 1 ko'rinishida ustun keldi.
SHu tariqa, Sobolenko ketma-ket "Oltin dubl" qayd etdi. U bundan avvalgi Indian-Uells turnirida ham chempion bo'lgan edi. Belaruslik tennis malikasi mavsumdagi uchinchi chempionlik tituliga ega chiqdi. U mavsum avvalida Brisben (Avstraliya) turnirida ham bosh sovrinlik bo'lgandi.
Mayamidagi ikki haftalik mehnat Sobolenkoga 1 million 151 ming 380 AQSH dollari miqdorida mukofot puli hamda 1000 WTA reyting ochkosini keltirdi. Goff esa 650 reyting ochkosi hamda 612 340 dollarga ega bo'ldi.

Fikrlar