05 fev 10:21
Yangiliklar
Tennisimiz jar yoqasida - Umid Ahmadjonovga ochiq xat!
Bugun o'zbek tennisi jar yoqasida ekanligini hammamiz juda yaxshi tushunib turibmiz. Bunga bir nechta sabablar bor. Keling bu haqida batafsil gaplashsak.
Bugungi kunda o'zbek tennisida Denis Istomindan boshqa etakchimiz yo'q. Bu faqatgina erkaklar tennisidagi holat. Ayollar tennisida esa hech kim yo'q desak ham bo'ladi. Reytingda "TOP200"likda zo'rg'a jon saqlayotgan Sabina SHaripova... U haqida nima ham derdik. Bazida "Sabinaxon tennisda ham Instagramdagidek faol bo'lganida, allaqachon "TOP50"da yurgan bo'lardi" deb yuborasan kishi. Ayollarimiz orasida Iroda To'laganova, Oqgul Omonmurodovalardek oltin avlod vakillaridan so'ng, hali ular darajasidagi tennischilar chiqishiga ko'zim etmay turibdi. Mayli ayb ularda emas. Balki imkoniyat darajasida harakat qilishayotgandir, bu yog'i bizga qorong'u.
Oddiy misol. Boshqa yakkalik sport turlarini olaylik: boks, kurash, dzyudo, og'ir atletika, karate, teekvondo va hokazo... Ko'z tegmasin, sanab o'tilgan sport turlarining barchasida medallarimiz etarlicha. Olimpiada o'yinlarida ham yaxshi natijalarni qo'lga kiritib kelmoqdamiz. Faqatgina, tennisimiz boshi berk ko'chaga kirib bormoqda. Kamina tennisning ashaddiy muxlisiman. Aniqrog'i, o'zbek tennisining muxlisiman. SHu sababdan ham, tepsa-tebranmasdek o'tirgan federaciya vakillarini ko'rib jim tura olmadim.
O'zim Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida tug'ilganman va shu shaharda istiqomat qilaman. SHahar sporti juda yahshi rivojlangan. Aholisi 100 ming kishidan ko'proq. Toshkentdan 50 km uzoqlikda joylashgan. Futbol bo'yicha Superligada o'z jamoamiz bor (AGMK). Undan tashqari, futzal, voleybol, basketbol va yana boshqa ko'plab sport turlarida oliy ligada jamoalarimiz mavjud. Kichkinagina shaharchamizda uchta futbol stadioni mavjud. Bu albatta quvonarli holat.
Yana tennisga qaytamiz. SHahrimizda uchta tennis sportkompleksi mavjud. Biri tuproqli, ikkitasi esa xard kortlarga mo'ljallangan. Har bir sport kompleksida kamida to'rttadan kort mavjud. Qani etibor? Qani akademiya? Hayron qolasan odam. Tayyor shug'ullanadigan joylar! Ammo, malakali mutaxassislar yo'q. Bir oy mashg'ulotlar bo'lsa, ikki oy bolalar dam olishadi. Falonchi murabbiy malakasini oshirgani o'qishga ketdi, yoki murabbiy bor edi Rossiyaga ko'chib ketdi degan gaplarni eshitib qolamiz. Bu men yashaydigan hududdagi sharoit xolos. Etibor bering-a, bu Toshkent viloyatidagi sharoit. Boshqa viloyatlarni gapirishning hojati ham yo'q menimcha. Federaciyaning ko'zi qaerda, bu kortlar nimaga qurilgan o'zi, mashg'ulotlar o'tilmasa, tepadagilarga nimaga oylik to'lanyapti o'zi...
Xa, poytaxtda hammasi yaxshi. Respublika Olimpiya zaxiralari tennis maktabi mavjud. Bu erda malakali mutaxassislar jamlangan. Terma jamoa o'zagini tashkil qiluvchi tennischilarimizning sakson foizi mana shu maktab tarbiyalanuvchilari hisoblanadi. Boshqa viloyatlarchi? Boshqa viloyatlarda har bir ota-ona farzandini poytaxtga olib kelib, tennis saboqlarini o'rganishiga qurbi etarmidi? Yo'q albatta...
O'smirlar tennisiga nazar solsak. Ayni paytda 18 yoshgacha bo'lgan o'smir yigitlar reytingida O'zbekistondan jami 2000-2003 yillar oralig'ida 21 nafar tennischi mavjud. Yil oxirida 2000-yilda tug'ilgan tennischilar professional tennisga qadam qo'yishlari lozim. Demak, o'rtacha 4-5 nafar tennischi professionalga aylanadi degan gap. Bu juda kam. Ayollarimizda undanda og'ir ahvol. Reytingda atiga 13 nafar qizimiz mavjud, bu ayanchli holat. Ushbu holatni ko'ra-bila turib, bir filmdagi mashhur ibora yodimga tushaveradi. Bu ketishda krizisga uchrashimiz aniq!
Internetda www.tennis.uz sayti mavjud. Bu sayt federaciyaning rasmiy saytimi-yo'qmi bundan habarim yo'q to'g'risi. Orangizda tennisga ozgina bo'lsada qiziqqan insonlar bo'lsa, mana shu maqolani o'qib bo'lgandan keyin ushbu saytga kirib ko'ringlar. Sayt faqat bir yilda bir marotaba "Toshkent CHellenjer" turnirini yoritadi xolos. Qoyil-e! Zamon, texnika rivojlanib borayotgan bir vaqtda shu saytni ham eplab ishlatolmaydilar. Erinmasangiz, taqqoslash uchun www.tennis.kz saytiga ham kirib ko'ring. Men erinmadim, qo'shnilarimizga qoyil qoldim. Katta tennischilardan tortib, o'smirlargacha hamma yangiliklarni vaqtida taqdim etib turishadi.
Agar Siz boshchiligingizda viloyatlarda ham tennisga kengroq etibor qaratilsa, yurtimizda ushbu sport turini ham tez orada rivojlanib ketishini kuzatishimiz mumkin bo'ladi. CHunki, bizda iqtidorli bolalar etarlicha, faqat ularga to'g'ri tarbiya berilsa bo'lgani. Mevasini albatta yaqin yillar orasida ko'rishimiz mumkin bo'ladi. Agar korrupciyasiz ishlansa nimalar bo'lishi mumkinligini yosh futbolchilarimiz ko'rsatib berishdi. Bu gaplarni qog'ozga tushirishimga, www.olamsport.com sayti orqali murojaat qilayotganimga ham shu yoshlarimiz sababchi aslida.
Ozgina matematik hisob-kitob qilib ko'rsak. Mamlakatimizda 12 ta viloyat mavjud. Har bir viloyatdan yiliga atigi bir nafar yaxshi tennischi etishib chiqadigan bo'lsa ham, umumiy hisobda bu ko'rsatkich 12 nafarni tashkil qiladi. Bu besh yilda 60 nafar yaxshi tennischi degani. Ularning 10 foizi dunyo reytingida kuchli 200 likka kirgan taqdirda ham, faqat Istominga qarab qolmaymiz. O'tgan yilgi "Devis kubogi"ning pley-off bahslarini eslab ko'ring. Dunyo tennis etakchilari hisoblangan Federer, Vavrinkasiz Toshkentga kelgan SHveycariyani ham yuta olmadik. Rosa alam qildi to'g'risi. CHunki, bahslarda Denis Istomin jarohat sabab ishtirok etolmadi. Istominni ham bog'lab bermagan ahir. Uch-to'rt yilda u ham katta tennisni tark etadi. SHunda ahvolimizga maymunlar yig'laydi. To'g'ri, bizda Jo'rabek Karimov bor. Yosh, istedodli, kelajagi porloq tennischimiz. Kamida Istominning yo'lini bersin unga. Ammo, o'ylab qarasak yana o'sha ahvol. Birgina o'yinchiga qarab qolamiz bu ketishda. Jo'rabekka o'xshagan tennischilardan yiliga 12 nafar chiqishi lozim aslida. SHunda, terma jamoada raqobat ham kuchayadi. O'ylaymanki, hamma o'z ishini sitqi dildan amalga oshiradigan bo'lsa bu ishlarni bemalol bajarsa bo'ladi.
So'zim oxirida yuqorida aytilgan gaplar bazi bir insonlarga og'ir botgan bo'lsa, ulardan uzr so'rab o'tirmayman. CHunki, haqiqat shunaqa achchiq bo'ladi. Etiboringiz uchun rahmat!
Hurmat bilan Husniddin Mirzaliev
Fikrlar