21 noy 12:37
Yangiliklar
Meliqo'ziev-Mirzahmedov to'qnashuvi, aka-uka Mirzaxalilovlar hamda dahshatli raqobatga ega -71 kg. Parij-2024 licenziantlari dam oladigan boks bo'yicha bu yilgi O'zbekiston chempionati haqiqiy yosh istedodlarni kashf qilishi mumkin
Sakkiz kun davom etadigan bellashuvlar doirasida ayollar 12 ta vaznda, erkaklar esa 13 ta vazn toifasida bellashadi.
Bu yilgi chempionat ham qiziq o'tishi turgan gap. Sababi, bu safar Xanchjou-2022 Osiyo o'yinlari orqali Parij-2024 Olimpiadasi yo'llanmasini qo'lga kiritgan bokschilarimiz, shuningdek, bir qancha vazn toifalarida mahalliy chempionatda ishtirok etishi kutilgan bokschilar ringga chiqmaydi, ularning o'rniga o'smirlar va yoshlar o'rtasidagi Jahon chempionatlari, bir qator xalqaro musobaqalarda o'zini ko'rsatib ulgurgan yosh charm-qo'lqop ustalari bahs olib boradi. Bundan tashqari, bazi vazn toifalarida sizga tanish bo'lga bokschilarning ham ism-shariflari mavjudligi, odamni quvontiradi va chempionatga bo'lgan qiziqishni bir muncha oshiradi.
Quyida sizlar bilan birgalikda, erkaklar o'rtasida o'tkaziladigan 13 ta vazn toifasidagi bellashuvlarga to'xtalamiz.
-48 kg:
Bu vazn toifasi Toshkentda o'tgan Jahon chempionatida "trend"ga chiqqani yodingizda bor bo'lsa kerak:) Mundialda ushbu vazn toifasida terma jamoamiz sharafini farg'onalik yosh bokschimiz SHodiyorbek Meliqo'ziev himoya qilgan edi. O'shanda Meliqo'ziev nimchorak final bosqichida qozog'istonlik Sanjar Tashkenbayga imkoniyatni boy berib qo'ygan edi. Umuman olganda, Meliqo'ziev 2023 yil hisobidan birinchi bo'lib, Bolgariya poytaxti Sofiyada bo'lib o'tgan "Stranja" turnirida ishtirok etib, oltin medalni qo'lga kiritgan edi. Undan so'ng bokschimiz o'zining ilk Jahon chempionatida ringga chiqdi. SHundan so'ng, SHodiyor sentyabr oyida Dog'istonda o'tkazilgan "M.Umaxanov xotirasiga bag'ishlangan XXII ananaviy turnir"da ishtirok etdi, ammo federaciya matbuot xizmati bokschini turnir yarim finaliga yo'l olgan sportchilar ro'yxatida chop etmagan edi. 22 yoshli SHodiyor o'tgan yilgi O'zbekiston chempionatining kumush medali sohibi hisoblanadi.
SHodiyordan tashqari, bu vazndagi ikkinchi yulduz bokschi bu - Nodirjon Mirzahmedovdir. Aslida ikki bokschi o'rtasida ushbu vazn uchun "kurash" Jahon chempionati startida boshlangan edi. Toshkentlik Mirzahmedov o'tgan yilgi O'zbekiston chempionati g'olibi. U finalda Meliqo'zievdan ustun kelgan. 2023 yil fevralida o'tkazilgan "Stranja" musobaqasida esa chorak finalga qadar etib borgan. Jahon chempionatini o'tkazib yuborgan. Avgust oyida terma jamoa azolari bilan Marokashdagi yig'inda ishtirok etgan Nodirjon Mirzahmedov uchun bu katta tanaffusdan keyingi musobaqa bo'ladi.
Ushbu vaznda shuningdek, Jizzaxdan tashrif buyurgan Ibrohim Raxmonjonov, Toshkent viloyati vakili Abduqayum Masharipov, yana bir Farg'ona bokschisi Avazbek Yo'ldoshev hamda Jismoniy tarbiya va sport universiteti talabasi Jasur Zohidov g'oliblik uchun kurash olib boradi.
-51 kg:
Bu vaznda 9 nafar bokschi ringga chiqadi. Vaznning haqiqiy egasi sifatida ko'rib, o'rganib qolganimiz Hasanboy Do'smatov yuqorida takidlaganimizdek, Parij-2024 Olimpiadasi licenziyasini qo'lga kiritib ulgurgani uchun, bu chempionatda ishtirok etmaydi.
Qizig'i, bu yilgi chempionatda Hasanboyning ukasi Faryozbek Do'smatov boshqa vaznda jang qiladi. U o'tgan yilgi chempionatda akasi bilan birgalikda finalga qadar etib borgan, ammo yarim finalda raqibiga nisbatan ishlatgan qo'polligi uchun diskvalifikaciya qilingan edi.
Bu yilgi O'zbekiston chempionatida ushbu vaznning etakchi bokschisi sifatida Asilbek Jalilovni aytish mumkin. Buxorolik yosh bokschi bir qator xalqaro musobaqalarda g'olib va sovrindorlikni qo'lga kiritgan. Jalilov o'tgan yilgi chempionatda -48 kg vazn toifasida ishtirok etib, bronza medalini qo'lga kiritgan edi. U bu yil hisobidan fevral oyida "Stranja"da ishtirok etdi, ammo sovrindorlar qatoridan joy ola bilmadi. May oyida esa Polshadagi "Feliks SHtamm 38-ananaviy xalqaro turniri"da qatnashgan Asilbek oltin medalni qo'lga kiritdi. SHundan so'ng, Jalilov iyun oyida Qozog'istonning Astana shahrida o'tkazilgan "Elorda Kubogi"da bronzaga ega chiqdi. O'zbekiston chempionati Asilbek Jalilov uchun 2023 yil hisobidan yakuniy musobaqa bo'ladi.
SHuningdek, 2022 yilgi chempionatda -48 kg vazn toifasida ikkinchi bronzani qo'lga kiritgan ikkinchi buxorolik bokschi Doniyor Bekmurodov ham bu yil yuqori vaznda jang qiladi.
Bundan tashqari, ushbu vaznning o'zida o'tgan yili uchinchi bo'lgan JTSU talabasi Muhammadqodir Mamirjonov ham raqiblariga haqiqiy jang taklif qilishi aniq.
-54 kg:
Bu vaznda O'zbekiston chempionligi uchun 12 nafar bokschi harakat qiladi.
Vaznning amaldagi chempioni, buxorolik SHahzod Muzaffarov bu yil o'z titulini himoya qilishga urinib ko'radi. Muzaffarov joriy yilda ilk musobaqasini Bolgariyada, "Stranja"da o'tkazdi, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Iyun oyida "Elorda Kubogi"da ringga chiqqan Muzaffarov bu turnirda ham mag'lub bo'ldi. SHundan so'ng, SHahzod sentyabr oyida CHechenistondagi "Axmat Qodirov xotira turniri"da ringga chiqib, bronza medalini qo'lga kiritdi. U uchun bu yilgi musobaqalarni omadli o'tyapti, deyish qiyin. Ko'ramiz, Muzaffarov o'z vaznidagi chempionlikni saqlab qola olarmikan? Yoki bu vaznda yangi chempionni ko'rarmikanmiz? Buni vaqt va "Sport" telekanali ko'rsatadi)
Eng qizig'i, bu vaznda o'tgan yilgi chempionatda kumush medalni qo'lga kiritgan, Toshkentdagi Jahon chempionatida kumush medalga ega chiqqan va yaqinda oila qurgan jizzaxlik Oybek Jo'raev chempionatda ishtirok etmaydi. Malum bo'lishicha, bokschimiz faoliyatini prof boksda davom ettirish niyatida.
SHuningdek, bu vaznda istiqbolli bokschilardan Hasanboy Do'smatovning ukasi Faryozbek Do'smatov, Xo'janazar Nortojiev hamda o'tgan yilgi chempionatda uchinchi bo'lgan Sanjar Vahobovni takidlash mumkin.
-57 kg:
Bu vazndagi eng o'ziga xos jihat bu - aka-uka Mirzaxalilovlardir! Ularning har ikkisi o'tgan yilgi chempionatda g'olib va sovrindorlar qatoridan joy olgan edi (Mirazizda oltin, Mirzabekda bronza). Bu yil ham bu scenariy takrorlanishi ehtimoli yuqori.
Ularga bu yo'lda o'tgan yili -54 kg vaznda bronza medalini qo'lga kiritgan andijonlik SHahbozbek Tolibjonov va yana bir yosh bokschi Dilshod Abduvaliev qarshilik qilishi mumkin.
Malumot o'rnida, Miraziz Mirzaxalilov 17 noyabr kuni Toshkentda o'zining prof boksdagi navbatdagi jangini o'tkazdi. Xitoylik Runki Jouga qarshi kechgan 8 raundlik jangda ochkolar hisobiga ko'ra zafar quchgan Mirzahalilov prof boksdagi g'alabalari sonini 4 taga etkazib oldi.
Ha aytgancha, ushbu vaznda o'zbekistonlik etakchi bokschi Abdumalik Xalokov Parid-2024 yo'llanmasini qo'lga kiritgani uchun bu chempionatni o'tkazib yuboradi. U ham 17 noyabr kuni prof boksda ringga chiqqan edi.
-60 kg:
Bu vaznda nisbatan ko'proq - 22 nafar bokschi g'oliblik uchun jang qiladi.
Bu vaznda o'tgan yili surxondaryolik Dilshod Abdumurodov chempion bo'lgan edi. Kumush medal sohibi Aydos Tagaybaev bu yil yangi vaznda o'z imkoniyatini sinab ko'radi. Bronza sohibi Kamronbek Eshmatov bu safar ham bahslarda ishtirok etadi. Ikkinchi bronza egasi, taniqli bokschi SHunqor Abdurasulov esa bu yilgi chempionatda ishtirok etmasligi malum bo'ldi.
-60 kg vazn toifasida Toshkentdagi jahon chempionatida yurtimiz sharafini Mujibillo Tursunov himoya qilgan edi. Biroq bokschimiz O'zbekiston chempionatida yuqori divizion g'olibligi uchun jang qilish niyatida. Sababi, Tursunov o'tgan yili ham -63,5 kg vaznda jang qilib, oltin medalni qo'lga kiritgan edi.
-63,5 kg:
Mazkur vaznda O'zbekiston chempionligi uchun 23 nafar bokschi jang qiladi.
G'oliblik uchun asosiy davogarlardan biri Ruslan Abdullaevdir. U ushbu vaznda Jahon chempioni hisoblanadi. Ammo Ruslanning sentyabr oyida Xanchjouda o'tkazilgan licenzion Osiyo o'yinlarida omadi yurishmagan edi. O'zbekiston chempionati bu vaznda keyingi licenzion musobaqa uchun kim borishini hal qilib beradi, bu turgan gap.
Bu yo'lda Ruslan Abdullaevga asosiy raqib Mujibillo Tursunov bo'ladi. Andijonlik bokschi mazkur vaznning amaldagi chempioni hisoblanadi. Mujibillo may oyidagi Jahon chempionatida mag'lub bo'lganidan so'ng, asosan prof boksdagi faoliyatiga urg'u berdi. Nima bo'lgan taqdirda ham, yakunda Ruslan Abdullaev - Mujibillo Tursunov qarama-qarshiligini ko'rishimiz ehtimoli yuqori. Bu jang g'olibi esa 2024 yilda Italiyada bo'ladigan navbatdagi licenzion musobaqa ishtirokchisiga aylanishi kutilmoqda.
-63,5 kg vazndagi yana ikki yosh va umidli bokschilar sifatida Adham Muhiddinov va Aydos Tagaybaevni takidlash mumkin.
-67 kg:
Bu vaznda 27 nafar bokschi O'zbekiston chempionligi uchun jang qiladi.
Vaznning amaldagi chempioni, Jahon chempioni Asadxo'ja Mo'ydinxo'jaev -71 kg vazn toifasidagi bellashuvlarda ishtirok etadi.
-67 kg favoriti sifatida buxorolik charm-qo'lqop ustasi Bekzod Hamidovni keltirish mumkin. U o'tgan yilgi chempionat finalida aynan Asadxo'jaga mag'lub bo'lgan edi.
SHuningdek, bu yilgi chempionatda andijonlik Javlonbek Yo'ldoshev ham jang qilmaydi. U ham prof boksga o'tish niyatida.
-71 kg:
Mazkur vaznda O'zbekistonning eng kuchli 14 nafar bokschisi jang qiladi.
Ular orasidagi asosiy nomlar: Asadxo'ja Mo'ydinxo'jaev, Halim Utegenov, Saidjamshid Jafarov, Iqboljon Holdarov hamda Havasbek Asadullaev.
-67 kg vaznda Jahon chempioni bo'lgan Asadxo'ja Xanchjoudagi licenzion Osiyo o'yinlarida birinchi imkoniyatidan foydalana olmadi. Agarda, Saidjamshid Jafarov O'zbekiston chempionatida g'olib bo'lgan taqdirda, keyingi licenzion musobaqa chiptasini ham yutib olar? Bunisi endilikda terma jamoaning murabbiylar shtabi hamda rahbariyatiga ham bog'liqdir.
Bundan tashqari, Iqboljon Xoldarovning ham O'zbekiston chempionatiga qaytgani qiziqarli. Bokschimiz prof boksda katta tanaffusda qolib ketdi. U uchun O'zbekiston chempionati havaskor boksdagi so'nggi imkoniyati bo'lishi ehtimoli yo'q emas. CHunki Xoldarov bu yil o'zi ishtirok etgan yagona musobaqa "Stranja"da ham natijaga erisha olmagan edi.
SHuningdek, yuqorida keltirganimiz, ikki nafar yosh bokschi - Halim Utegenov hamda Havasbek Asadullaev ham tajribali charm-qo'lqop ustalariga etarlicha qarshilik ko'rsatishi mumkin.
Umuman olganda, shaxsiy fikrimcha, -71 kg vazndagi janglar O'zbekiston chempionatidagi eng qiziqarli janglar bo'ladi. Yani, siz bemalol achchiq choyni damlab olib, tomosha qiladigan janglar aynan shu vaznda bo'ladi:)
-75 kg:
Ushbu vazn chempionligi uchun 13 nafar bokschi ringga chiqadi.
Ular orasida, shubhasiz, Aloxon Abdullaev favoritdir. 20 yoshli bokschimiz may oyidagi Jahon chempionatida bronza medalini qo'lga kiritgan edi. U, shuningdek, amaldagi O'zbekiston chempioni ham hisoblanadi.
Aloxon Abdullaevga bu safargi bahslarda Xojiakbar Qodiroxunov, Suhrob Qayumov raqobat tug'dirishi mumkin. Qayd etish joiz, ularning har ikkisi 17 noyabr kuni prof boksda ham jang o'tkazgan edi.
Bundan tashqari, yana bir yosh, istedodli bokschi - Javohir Ummataliev ham bu yilgi O'zbekiston chempionatida aynan -75 kg vazn toifasida jang qiladi.
-80 kg:
Yana bir jiddiy raqobatga ega ushbu vaznda 13 nafar bokschi bahs olib boradi.
Vazndagi yirik nomga ega bo'lib ulgurga bokschilar bu - To'rabek Xabibullaev hamda Jasur Yo'ldoshev.
Jasur Yo'ldoshev O'zbekiston sharafini may oyidagi Jahon chempionatida himoya qilgan edi. O'shanda terma jamoamizdagi ilk mag'lubiyat Jasur Yo'ldoshevga tegishli bo'lgan edi.
To'rabek Xabibullaev esa asosiy termadagi debyut musobaqasini sentyabr oyida Xanchjoudagi licenzion Osiyo o'yinlarida o'tkazdi. Bokschimiz ushbu musobaqada yarim finalga qadar etib borib, bronza medalini qo'lga kiritganiga qaramay, Parij-2024 Olimpiadasi yo'llanmasiga ega chiqa olmagan edi.
Bundan ko'rinib turibdiki, keyingi licenzion turnir chiptasi aynan shu musobaqada o'ynaladi, katta ehtimol.
Malumot o'rnida, bu vazndagi ko'p yillik bokschilar Odiljon Aslonov va Dilshodbek Ro'zmetov ayni damda prof boksdagi faoliyatini davom ettirmoqda. Aslonov o'tgan yilgi chempionatda oltin, Ro'zmetov esa kumush medalni qo'lga kiritgan edi.
-86 kg:
Bu vaznda 12 nafar bokschi O'zbekiston chempionligi uchun jang qiladi.
Ularning orasidagi eng tajribalisi bo'lib ulgurgani bu SHohjahon Abdullaevdir. Jahon chempionati ishtirokchisi SHohjahon Abdullaev amaldagi O'zbekiston chempioni hisoblanadi.
O'tgan yili kumush medalni qo'lga kiritgan farg'onalik Temurxon Sobirov esa bu yil chempionatda ishtirok etmaydi.
Abdullaevga bu yil ham o'tgan yilgi singari surxondaryolik Samandar Jalolov yoki Toshkent viloyati vakili Jo'rabek Toshtemirov etarli qarshilik ko'rsatishi mumkin.
-92 kg:
Yaxshi to'qnashuvlarga ega -92 kg vaznda 9 nafar bokschi g'oliblik uchun ringga ko'tariladi.
Ular orasida o'tgan yilgi chempionatning kumush medal sohibi Nusratbek Tohirov, bronza egalari Nurmuhammad Ahmedov va Amirshoh Samadov ham mavjud. Ammo amaldagi chempion, taniqli bokschi Sanjar Tursunov bu yilgi chempionatda jang qilmaydi.
Bu yil, shuningdek, Lazizbek Mullojonov hamda Madiyar Saidrahimov ham ushbu vaznda jang qiladi.
Eslatib o'tish joiz, Lazizbek Mullojonov -92 kg vazn toifasida Jahon chempionatining bronza medalini qo'lga kiritgan edi. Ammo bokschimiz sentyabr oyida o'tkazilgan Osiyo o'yinlarida sovrindorlar qatoridan joy olmadi va Parij-2024 licenziyasini ham qo'lga kirita olmadi.
SHunday ekan, bu vazndagi janglar ham qiziqarli o'tishi turgan gap!
+92 kg:
Eng og'ir vazn toifasida 11 nafar bokschi O'zbekiston chempionligi uchun jang qiladi.
Vaznning etakchi bokschisi Bahodir Jalolov Olimpiada licenziyasini qo'lga kiritib ulgurgani uchun bu chempionatni o'tkazib yuboradi.
O'tgan yilgi chempionat g'olibi bo'lgan Lazizbek Mullojonov bu yil bitta pastki vaznda jang qiladi. O'tgan yili kumush medalni qo'lga kiritgan Jahongir Zokirov esa bu yil g'oliblik uchun asosiy davogar hisoblanadi.
Unga bu yo'lda o'tgan yili bronza medali sohibi bo'lgan Abdurahim Jo'raev qarshilik qilishi mumkin.
Vaznlar kesimida taxminiy chempionlar (IMHO):
-48 kg: Nodirjon Mirzahmedov
-51 kg: Asilbek Jalilov
-54 kg: SHahzod Muzaffarov
-57 kg: Mirazizbek Mirzaxalilov
-60 kg: Dilshod Abdumurodov
-63,5 kg: Mujibillo Tursunov
-67 kg: Bekzod Hamidov
-71 kg: Asadxo'ja Mo'ydinxo'jaev
-75 kg: Aloxon Abdullaev
-80 kg: To'rabek Xabibullaev
-86 kg: SHohjahon Abdullaev
-92 kg: Lazizbek Mullojonov
+92 kg: Jahongir Zokirov.
Xullas, deyarli bir hafta davomida bizni qiziqarli boks musobaqasi kutib turibdi. Toshkentda bo'lsangiz, "Universal" sport saroyiga keling, kirish bepul. 21-29 noyabr oralig'ida, kunduzgi dastur janglari 11:00 dan 13:00 ga qadar, kechgi dastur janglari esa 15:00 - 19:00 oralig'ida o'tkaziladi.
Muallif - Diyorbek Mavlonov/olamsport.com
Fikrlar