07 mar 10:05
Yangiliklar
"Ichimdagi hayvondan qo'rqaman". Kabutarlar qanday qilib Mayk Taysonni qutqarib, uning yangi hayot boshlashiga ko'maklashdi?
Mayk Tayson juda nafratlanuvchi bokschi edi. Balki, aynan nafrat Taysonni shunday shafqatsiz "nokutchi" qilib qo'ygandir. Mayk zarba berganida, huddi raqibini o'ldirmoqchi bo'lgandek tuyulardi - u har bir zarbaga juda ko'p kuch sarflardi. Bruklinlik qora tanli bokschi tomoshabinlarni aqldan ozdirardi, ammo yosh yigitning qaerdan shunchalik g'azablangani kamchilikni qiziqtirardi.
Bolaligida Tayson qashshoqlikni boshidan kechirar, tengdoshlari unga nisbatan zo'ravonlik qilar edi va kaptarlargina uning do'stlariga aylangan edi. Maktabda o'qib yurgan chog'larida u qushlar bilan suhbatlashib, ularga o'z noroziligini bildirish maqsadida tomga chiqadi. Tayson ulg'ayib boks olamining yulduziga aylanadi, lekin qoqilishlar bilan: qamoqda o'tiradi, rafiqasi bilan janjallashadi va narkotik moddalarga ruju qo'yadi. Mayk o'zini "hayvon" deb atagan va uzoq vaqt davomida ichidagi jinlar bilan kurashgan.
Tayson har doim o'zi bilan yorqin xotiralarni eslatuvchi kabutarlarini saqladi. Mayk qushlarning rahm-shafqat va muhabbat bo'yicha odamlarga yaqqol misol bo'la olishiga ishonardi. Tayson hozirda 55 yoshda va u ancha o'zgargan: unda oldingidek agressiya yo'q va u yangi inson bo'lganiga ishonchi komil.
Tayson og'ir yoshlik davrini boshdan kechirgan: gettoda o'sgan, maktabda esa haqoratlangan. Maykning eng yaqin do'stlari qushlar edi, ular tufayli Mayk ilk bor jang qildi
Tayson Bruklinda, og'ir sharoitdagi oilada dunyoga keldi, otasi Jimmi Kirkpatrik Mayk ikki yoshligida olamdan o'tadi. SHuningdek, uning otasi oddiy taksi haydovchisi bo'lgan, Tayson buni ancha keyin biladi. Bolaligida Mayk sutenyorning o'g'li ekanligidan faxrlanardi - bu tengdoshlari orasida hurmatga loyiq ko'rilgan.
Taysonning onasi Lorna Smit fohishalik bilan shug'ullangan va uch nafar farzandini boqish uchun bor kuchini sarflagan. Oila daxshatli darajada qashshoqlikda yashagan: uydan kanalizaciya quvurlarining hidi anqib turgan, onasi bolalarni ko'p marta kaltaklagan, bolalar yig'laganida, ularga spirtli ichimliklar yoki marixuana bergan. Uyga keladigan doimiy "sevishganlar" bolalarni ko'chaga haydab solardi.
Tayson maktabdan haydalgan: hozir ishonish qiyin, lekin sinfdoshlari Maykni haqorat qilishgan edi. Bolaligida u uyatchang bola bo'lib, ko'zoynak taqib yurgan va patologik jihatdan o'zini o'zi boshqarishga qodir bo'lmagan. O'sha paytda kabutarlar Maykning do'stlariga aylanishdi - Mayk ular bilan tengdoshlarining shafqatsizliklarini unutishi mumkin edi. "Ular mening najotim edi. Bolaligimda men semiz va xunuk bo'lganman. Tengdoshlarim meni har doim masxara qilar edi. Yagona quvonchim kabutarlar edi", - deya eslagan edi Tayson.
Sinfdoshlari Mayk bilan gaplashmay qo'ygandi, shuning uchun u darslardan keyin kabutarxonaga kelar va u erda qushlar bilan suhbatlashar edi:
"Menga barchasini eshitish uchun kimdir kerak edi. To'satdan, o'sha "kimdir" kabutarlar bo'ldi. Har oqshom tomga chiqardim, o'zim bilan olib kelgan ko'rpa ustiga o'tirib, kabutarlar bilan suhbatlashardim. Ularga tez-tez egulik berib turardim, shuning uchun ular doim atrofimda gavjum edi".
Mayk tabiatan jangchi bo'lmagan, lekin gettodagi hayot uni bokschi qilib tarbiyalagan. Bo'lajak chempion umuman boshqa odamga aylangan edi - u endi hech kimga ishonmas va hammaga dushman sifatida qarar edi.
Bunga maktabdagi voqea ham sabab bo'lgan deyish mumkin: bir kuni tengdoshlari Tayson vaqtini kabutarlar bilan suhbat qurib o'tkazishini bilib qolishadi. Ular tomga chiqib bir qancha kabutarlarni o'g'irlaydi. Ular Maykni uchratishganda, o'g'rilardan biri qo'pollik bilan unga qushni ko'rsatdi va uning bo'ynini burdi. Bu Taysonning hayotidagi burilish nuqtasi bo'ldi, u birinchi bor mushtlashdi.
Bo'lajak chempion bir vaqtlar soya bilan jang qilgan mahalliy giyohvandni ko'rganini esladi. O'shanda, Mayk o'g'rining ortidan quvib, uni yiqitadi va do'pposlaydi.
"Men o'sha paytdagi vaziyatni hech qachon esimdan chiqarmayman. Undan qushimni o'ldirmaslikni so'ragandim. Lekin u kulib, qushimni o'ldirdi. Qasam ichib aytamanki, men uni ikkita tishini urib sindirdim, juda qattiq urdim. O'shandan keyin hech kim qushlarimga yaqinlashishga jurat etmadi. Ha, bu mushtlashuvdan so'ng mahalliy bolalar meni hurmat qila boshladi. Ular meni boshqa haqorat qilmadi, men bilan urushishmadi. To'g'risini aytadigan bo'lsam, bu mening ilk mushtlashuvim edi. Agar birinchi jang bo'lmaganida...", - deya eslaydi Mayk.
Aynan shu voqeadan so'ng, Tayson jang qilishni yoqtirishini tushunadi. SHafqatsiz mushtlashuv guvohi bo'lgan bezorilar esa Maykni o'z qanotlari ostiga olishdi. O'shandan beri uni yosh "banditlar" hurmat qilishadi, ular Taysonga hamyon o'g'irlash, do'kon tunash kabi "hunarlar"ni o'rgatishgan.
Kabutarlar Taysonning hayoti: ular Maykka sevishni o'rgatgan, uni yangi inson qilib tarbiyalagan. Hozirda Mayk ularga turar-joy qurib bergan, u odamlar qushlarni tinglashini xohlaydi
Tayson qariya bezorilarga uylarni o'marishda yordam bergan. Vaqt o'tib, Mayk yanada agressiv bo'lib qoldi: alkogol va narkotik moddalarga "o'tirib qoldi", policiya esa uni mushtlashuvlar sabab qo'lga olardi. Yosh Tayson qaroqchi, zo'rlovchi va narkomanlar orasida qolgan edi. Maykda faqatgina bir inson — murabbiyi Kas D'Amato iliq his uyg'otgan edi.
U Taysonga boksni o'rgatdi, Bruklindagi "kriminal" hayotdan olib chiqdi. D'Amato Taysonning onasi rak kasalligi tufayli vafot etganidan so'ng, uni shug'ullantira boshladi, garchi uni hech qachon tanimagan bo'lsa-da, unga otalik qildi. Mayk ham murabbiyi va uning ayoli Kamillani yaxshi ko'rardi, Kamilla - asli ukrainalik qiz edi. Ammo bokschi parvoz paytida Nyu-York tomlarida o'tirib,suhbat quradigan kabutarlarini unutmadi.
Kabutarlarini deb Tayson hattoki qizi bilan ajrashadi. Unga bokschining xobbisi yoqmaydi. SHunday qilib, u Maykning oldida kabutar pishirib eydi.
"Men bir qiz bilan uchrashar edim va u menga: "Tushunmayman, nega sen bu ahmoq qushlar bilan chalg'iysan, sen ularni eyishing kerak", - degandi. U qushlardan birini ushlab, suvda qaynatdi va uni edi. Bu uning uyida bo'lgandi, biz uning puliga kun kechirardik. SHunday ekan, u to'g'ri aytayotgan edi. Lekin men bunday qila olmasdim, bu noto'g'ri bo'lar edi. SHu sababdan u endi mening ayolim emas edi", - deb aytgan Mayk.
D'Amato 20 yoshli Tayson boks tarixida og'ir vaznda eng yosh jahon chempioni bo'lishidan bir yil avval yani 1985 yilda olamdan ko'z yumadi. Yillar o'tib, Mayk sport yulduziga aylanadi, lekin ko'pchilikning xotirasida yomon odam bo'lib qoladi. CHempion jamiyatga tahdid soluvchi shaxs deb topildi: Mayk qamoqda o'tirdi, ayoli va jurnalistlarni haqoratlaydi, villada yo'lbars boqadi, ringda esa Evander Xolifildning qulog'ini tishlab oladi.
"Pulim bo'lganida hayvonga aylanardim", - deya keyinroq tan olgandi Tayson.
Qorong'ulik vaqtlarida ham bokschining asosiy xobbisi avvalgidek kabutarlar bilan qolish edi. Yoshligida Maykni bezorilikdan qutqargan qushlar, endi unga jinlar bilan kurashishga yordam berardi. "Men kabutarlarni yoshligimdan buyon yaxshi ko'raman. Kabutarlar menga rahm-shafqat qilishni o'rgatdi", - degan edi Mayk.
Ehtimol, kabutarlar Tayson uchun poklik va tinchlik timsoliga aylangandir - u bolaligidan buyon hamma narsasidan mahrum bo'lgan. Mayk Bruklinning jinoyat rivojlangan, fohishalar, narkomanlar va jinoyatchilar yashaydigan kvartalida o'sdi. Omon qolish maqsadida hayvonga aylangan bola jarohatlar o'rtasida qolgan edi. Mayk boksdan ketganida, terisi ostiga yashiringan odamdan qo'rqishini aytgandi.
"Yig'layapman, sababi men endi avvalgidek emasman. Avvalgi Maykni sog'indim. Lekin bu odam qaytishini xohlamayman. Agar u ketsa, mening do'zaxim ham u bilan qaytadi. Men u odamdan nafratlanaman, undan qo'rqaman. Lekin u allaqachon o'lgan. Bu oson bo'lmagan, u ketishni xohlamagan. U o'lgunicha kurashdi. Men ichimda yashaydigan hayvondan qo'rqaman. Lekin shu bilan birga, men uni sog'indim”, - deya tan olgan Tayson.
Yillar o'tdi, Tayson qaridi, lekin u hali ham kabutarlarga mehri bo'lakcha. Hozirda Maykning villassida qushlar uchun alohida maydonda joylashgan qafaslar bor. Mayk ularni erkalaydi, ular uchun eng yaxshi mahsulotlarni sotib oladi. Taysonning barcha uylarida minglab kabutarlari bor, u kollekciyani muntazam ravishda to'ldirib boradi.
"Endi men nafaqadaman - boshqa hech qanday ring, mushtlashuv va janjallar bo'lmaydi. SHahar chekkasida oilam va bolalarim bilan oddiy odamlardek tinch hayot kechiraman. Lekin men bundan keyin ham kabutar boqaman. Ular butun umr men bilan birga bo'lishdi - qashshoqligimda ham, ko'p pul bilan dunyoga mashhur bo'lganimda ham.
Afsus, katta shaharlarda, misol uchun, Nyu-Yorkda kabutarlarni uncha yoqtirishmaydi, ularni oyoqlar ostida emaklaydigan, boshga axlat tashlaydigan beadab va foydasiz qushlar deb hisoblashadi. Sizga aytishim mumkinki - keyingi safar siz kaptarni oyog'ingiz bilan yo'ldan itarib yubormoqchi bo'lsangiz, mening hikoyamni eslang. Kabutarlar - juda aqlli va sodiq mavjudotlardir. Kabutarlar bilan do'stlashsangiz, hech qachon yolg'izlanmaysiz".
Kabutarlar ko'pchilik uchun tinchlik ramzidir. Tayson ularni qalbining yorug'ligi sifatida eslaydi. Boshqa shikastlanmaydigan, nafratlanmaydigan va uni butun dunyoga mashhur qilgan yorug'lik sifatida.
Mayk ayyorlik qilmasdan, jiddiy tan olgan: u shafqatsiz eski Maykni sog'inadi: va bu haqiqat. Axir, bazida kuchli, tajovuzkor bo'lish, qoidalarni buzish va buning uchun ruxsat olish yoqimli. Mayk uzoq vaqtdan beri shunday edi - va buning uchun uni ko'pchilik yaxshi ko'rar edi. Lekin bokschi har doim kabutarlarni o'ziga yaqin olardi. Va bu qushlar unga rahm-shafqat va kechirimlilikka qodir Mayk borligini eslatdi.
Tayson kabutarlarga bo'lgan mehrini so'z bilan ifodalay olmaydi: "Nima uchun ekanligini bilmayman, lekin buni tushuntirishga harakat qilaman ...".
Fikrlar